Seshanba kuni Toshkentda noodatiy yo‘l hodisasi sodir etildi. Taxminan 17:30 da Mustaqillik va Oqqo‘rg‘on (Darxon) ko‘chalari chorrahasida oq rangli Spark avtomobili svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘idan o‘tib ketib, boshqa avtomobillarga shikast yetkazgan.

Taxminlarga ko‘ra ichida to‘rt kishi bo‘lgan Spark o‘g‘irlangan bo‘lib chiqdi. 4 sentyabr kuni ertalab Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Voditeli Tashkenta» (Drivers.uz) guruhida avtomobil o‘g‘irlangani to‘g‘risidagi xabar e’lon qilingan edi.

Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tarqalgan videodan ko‘rish mumkinki, Spark avtomobilini chorrahada bir qancha ichki ishlar organlari xodimlari to‘xtatishga harakat qilgan, biroq buning uddasidan chiqa olishmagan.

Avtomobil mashinalar oralab ketayotgan vaqtda bir necha bor (eng kamida sakkiz marta) o‘q ovozi eshitilgan. Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda atrofi qurshab olingan va orqa bamperi osilib qolgan, g‘ildiraklari teshilgan holatdagi avtomobil tasviri tarqaldi. «Gazeta.uz"ning aniqlashicha, mashina Botkin qabristoni yaqinida topildi.

Facebook’dan olingan foto.

O‘g‘rilarning ushbu harakatlari natijasida chorrahada beshta avtomobil — Cobalt, Nexia-2 (taksi) va Nexia-3, Volvo va «Gazel» yo‘nalishli taksi shikastlangan. Soat 21:00 atrofida ham ular hodisa joyida turar, bu yerda tergov guruhi ish olib borayotgan edi.

Keyinroq Toshkent IIBB xabarida tezkor tadbir jarayonida avtomobilni to‘xtatish va mashina bilan piyodalar va haydovchilarga zarar yetkazishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida quroldan foydalanilgani tasdiqlandi. Ayni paytda o‘g‘rilar qo‘lga olingani to‘g‘risida ma’lum qilingani yo‘q.