Seshanba kuni tongdan O‘zbekiston banklarining ayriboshlash shoxobchalari aholidan xorijiy valyutalarni bir kun muqaddam Markaziy bank tomonidan belgilangan yangi kurs bo‘yicha sotib olishni boshladi.

Ayriboshlash shoxobchalarida Amerika dollarining kursi 8000 so‘mni tashkil etmoqda.

Valyutani sotish va sotib olish jarayoni imkon qadar soddalashtirilgan — almashtirilayotgan mablag‘ miqdori eng kam oylik ish haqining 100 barobari (taxminan 14,977 mln so‘m yoki 1900 dollarga yaqin) miqdoridan oshmasa, fuqarodan pasport talab qilinmayapti.

Kun avvalida ayriboshlash shoxobchalari qarshisida mijozlar uncha ko‘p kuzatilmagan bo‘lsa, kun yarmiga kelib kichik navbatlar paydo bo‘la boshladi. Aksariyat ayriboshlash shoxobchalarida fuqarolarga yangi 50 ming so‘mlik banknotalar berilmoqda.

Hozircha qayerlarda ayriboshlash shoxobchalari mavjudligini osonlikcha bilish qiyin. Banklar filiallari ko‘cha peshtaxtalari yoki joriy kurs qayd etilgan ko‘rsatkichlar bilan ta’minlanmagan. Biroq bankirlardan birining ta’kidlashicha, bu vaqtinchalik.

Navbatlarni tartibga solishda bank vakillari hamda ichki ishlar organlari xodimlari yordam ko‘rsatmoqda. Ular mijozlarning savollariga ehtiyotkorlik bilan javob qaytarmoqda. Ayrim filiallarda tashrif buyuruvchilarga ichimlik suvi taklif qilinmoqda.

Jismoniy shaxslarga xorijiy valyutalarni sotish avvalgidek tijorat banklarining konversion bo‘limlarida pul mablag‘larini xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish orqali amalga oshirilmoqda.

Konversion kartalardan xorijda foydalanish, jumladan bankomatlardan naqd pullarni yechib olishdagi cheklovlar bekor qilingan. Banklardan biridan «Gazeta.uz"ga ma’lum qilinishicha, karta ochish uchun komission to‘lov 35 yevrodan 100 ming so‘mgacha kamaytirildi, naqd pulni yechib olish komission to‘lovi esa 1 foiz (eng kam komissiya — 4 dollar), karta orqali to‘lashda — 0,5 foiz va qo‘shimcha 50 sent etib belgilandi.