O‘zbekistonda jismoniy shaxslardan xorijiy valyutani sotib olish va sotish jarayonlari soddalashtirildi. Bu haqda «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoniga berilgan sharhda so‘z boradi. Unga ko‘ra 5 sentyabrdan xorijiy valyutani erkin sotish va sotib olish mumkin.

Sharhda qayd etilishicha, aholidan naqd chet el valyutasini sotib olish tijorat banklarining barcha filial va mini-banklari tomonidan cheklanmagan miqdorda va sarsongarchiliksiz amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, banklar tomonidan aholi bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini sifatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:

  • jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olish va sotish tartibini soddalashtirish;
  • bayram va dam olish kunlarida valyuta ayirboshlash shoxobchalarining uzaytirilgan ish tartibini joriy qilish;
  • tijorat banklarining filiallari va mini-banklarida, ayniqsa, yirik savdo markazlari va bozorlarda qo‘shimcha valyuta ayirboshlash shoxobchalarini ochish;
  • konversion bo‘limlar orqali chet el valyutasini sotishda olinadigan vositachilik haqi miqdorini imkon darajasida pasaytirish choralarini ko‘rish;
  • xalqaro to‘lov kartalaridan xorijda foydalanishda mavjud barcha cheklovlarni bekor qilish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, mahsulot ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklarining eksport faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida ularga chet el valyutasidagi daromadlarini o‘z xohishiga ko‘ra erkin tasarruf etish, bunda bank hisobvaraqlaridan naqd chet el valyutasini yechib olishgacha bo‘lgan huquq beriladi.

Xalqaro kartalardan xorijda foydalanishdagi barcha cheklovlar bekor qilinadi. Konversion bo‘limlar orqali xorijiy valyutani sotishda komission rag‘batlantirish hajmi eng past darajagacha tushiriladi.

Milliy valyutaning xorijiy valyutaga nisbatan ayirboshlash kursi faqatgina valyuta birjasining banklararo elektron savdolarida valyutaga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Bunda ayirboshlash kursini bozor mexanizmlari asosida shakllantirish maqsadida banklararo savdolarda Markaziy bankning ishtiroki kamaytiriladi. Alohida hollarda Markaziy bank ayirboshlash kursining haddan ortiq tebranishini bartaraf etish uchun xorijiy valyutani sotish yoki sotib olish operatsiyalarini amalga oshirishi mumkin.