O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Almazbek Atamboyevning taklifiga binoan 2017 yil 5 6-sentyabr kunlari davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston TIV xabar qildi.

Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishning asosiy masalalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash istiqbollari, mamlakatlarimizning chegaraoldi hududlari aloqalarini faollashtirish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolarni muhokama qiladilar.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti, O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasi haqidagi shartnoma, mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan boshqa qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.