O‘zbekiston Markaziy banki 5 sentyabrdan AQSH dollarining milliy valyutaga nisbatan kursini 8100 so‘m etib belgiladi.

«2003−2017 yillarda kursni hosil qiluvchi omillar sur’atlari tahlili asosida, shuningdek banklar tomonidan importchi korxonalarga kelishilgan kurs bo‘yicha xorijiy valyutani sotish bo‘yicha sinov bitimlari natijalarini hisobga olgan holda yo‘naltirilgan muvozanatli valyuta kursi ayni vaqtda 1 AQSH dollari uchun 8000−8150 so‘mga teng», — deyiladi MB xabarida.

Avval bo‘lgani kabi Markaziy bank har dushanbada o‘tgan haftada valyuta birjalarida qayd etilgan o‘rtacha kurslar asosida kursni belgilaydi. Ushbu kurs O‘zbekiston hududida buxgalteriya hisobi, statistika va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, bojxona va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish uchun foydalaniladi.