O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4 sentyabrdagi farmoni bilan Po‘lat Razzakovich Bobojonov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri etib tayinlandi, deb xabar qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.

Po‘lat Bobojonov (1961 yilda tug‘ilgan) 2012 yildan Xorazm viloyati hokimi lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. 2011 yilda bir muddat hokimning birinchi o‘rinbosari, ungacha esa — Buxoro viloyati prokurori bo‘lgan. 2006—2011 yillarda Jizzax viloyati prokurori bo‘lib ishlagan.

2005—2006 yillarda Bosh prokuraturaning Soliq va valyuta jinoyatlariga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i, 2000—2005 yillarda esa O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari bo‘lgan.

Po‘lat Bobojonov IIV rahbari lavozimiga joriy yil boshidan buyon vazir bo‘lib ishlab kelayotgan Abdusalom Azizov o‘rniga tayinlandi.

2006—2015 yillarda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan Ilgizar Sobirov (1959 yilda tug‘ilgan) Xorazm viloyati hokimi v. b. etib tayinlandi.