O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shanba kuni Jizzax viloyati Zarbdor tumaniga tashrif buyurdi, deb xabar qildi O‘zA. Shavkat Mirziyoyev «Taraqqiyot manzarasi» fermer xo‘jaligi dala shiyponida viloyat mutasaddilari, fermerlar bilan uchrashdi.

Tadbirda viloyatda paxta yig‘im-terimi mavsumini samarali tashkil qilish, takroriy ekinlar monitoringi, qishloq xo‘jaligi sohasida kutilayotgan hosil va daromad, barcha toifadagi xo‘jaliklar uchun 2018 yilda ekiladigan sabzavot ekinlari hamda ulardan olinadigan mahsulot miqdori va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

«Fermerlar qaysi yo‘nalishlarda muammolar bilan to‘qnash kelayotgani, qayerda ular yo‘qotishlarga uchrayotgani doimo tahlil qilinib, ularni qiynayotgan masalalarni hal etish muhim», — deya Prezident so‘zlaridan iqtibos keltirdi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi.

Prezident Jizzax shahri va viloyat tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini tashkil etishni tanqid ostiga oldi.

O‘z faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Jizzax viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Abduvalijon Mustanov, Mirzacho‘l tumani hokimi Rustam Kenjayev va ushbu tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i lavozimidan ozod qilindi.