1 sentyabr kuni Buxoro viloyatining cho‘l hududida 355 kilometrlik «Buxoro-Miskin» liniyasining so‘nggi bir necha o‘n metri yotqizildi. Bunyod etilayotgan temir yo‘lning ikki bo‘lagini birlashtirish ishlari 147- va 148-kilometrlar o‘rtasida amalga oshirildi, deb xabar qildi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati.

Mazkur temir yo‘l liniyasi qurilishi 2016 yil dekabrida bir vaqtning o‘zida Buxoro tumanida va Qoraqalpog‘istonning Miskin posyolkasida boshlangan edi. Yangi liniya bo‘ylab lokomotiv o‘tdi. Birinchi bosqichda u orqali yuk tarkiblari harakati yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha qiymati 283,1 mln AQSH dollarini tashkil etdi.

Loyihaning ikkinchi bosqichida liniya tezyurar Afrosiyob poyezdi harakatlanishi uchun elektrlashtiriladi. Loyiha muddati va qiymati ma’lum qilingani yo‘q.

Liniya ishga tushishi bilan Toshkent va Urganch o‘rtasidagi masofa 75 km ga qisqaradi. Hozirda poyezdlar Xorazm poytaxtiga «Navoiy-Uchquduq-Miskin» yo‘nalishi bo‘ylab qatnamoqda (umumiy masofa — 1064 km).

Yangi liniyani barpo etishda 121 ta sun’iy inshoot, 12 ta ko‘prik va 6 ta yo‘l o‘tkazgich, 5 ta stansiya va 5 ta raz’ezd qurildi. 1500 dan ortiq ishchi va mutaxassislar hamda 1000 dan ortiq texnika va mexanizmlar jalb qilindi. Tuproq ishlari hajmi 21,2 million kub metrni tashkil etdi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmatining qayd etishicha, ayni paytda mamlakatdagi temir yo‘llarning umumiy uzunligi «Buxoro-Miskin» liniyasini hisobga olmaganda 6500 km ni tashkil etadi.