2 sentyabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning haykali ochildi. Tadbirda ishtirok etish uchun Samarqandga mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi, xabar berdi O‘zA.

Davlat rahbari dastlab Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi.

Birinchi Prezidentga haykal Registon maydoni yonidagi xiyobonda, Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan xonadon yaqinida o‘rnatilgan. Haykalni Shavkat Mirziyoyev va Tatyana Karimova ochdi. Ular haykal poyiga gul qo‘yib, Islom Karimovning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. O‘zbekiston Davlat madhiyasi yangradi.

Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan xonadonga ham tashrif buyurdi. Qur’on tilovat qilinib, elga ehson dasturxoni yozildi.

31 avgust kuni Birinchi Prezidentning haykali Toshkentda ochilgan edi.