O‘zbekistonning to‘rt nafar vakili Germaniyaning Hamburg shahrida boks bo‘yicha jahon chempionati finalchilariga aylandi. To‘qqiz davlat bokschilari 2 sentyabr kuni musobaqa oltin medallari uchun kurash olib boradi.

52 kg: Jasurbek Latipov — In Kyu Kim — 5:0 (30/26, 30/27, 30/27, 30/27, 29/28)

Jahon chempionatining ikki karra sovrindori, Osiyo chempioni Jasurbek Latipov janubiy koreyalik In Kyu Minga qarshi ringga ko‘tarildi. O‘zbek bokschisi bir necha marta aniq zarba berib, raqibini qiyin ahvolga sola oldi. Uch raund yakunlari bo‘yicha Jasurbek Latipov finalga yo‘l oldi. U kubalik Yosvani Veytiya bilan chempionlik uchun kurash olib boradi (video).

Qayd etish joizki, bokschilar Jahon bok seriyasi (WSB) musobaqasi doirasida Kubada uchrashgan. O‘shanda ring mezboni g‘alaba qozongan edi.

69 kg: Shahram G‘iyosov — Abilayxan Jusupov — 4:1 (30:27 29:28 29:28 28:29 29:28)

Olimpiya o‘yinlari vitse-chempioni, Osiyo chempioni Shahram G‘iyosov qozog‘istonlik Abilayxan Jusupov bilan jang olib bordi. Jang ssenariysi avvalgisidan qariyb farq qilmadi. Buxorolik bokschi qo‘llarini tushirgan holda mushtlashdi, raqibiga aniq zarbalar berib, uni qarshi hujumlar bilan kutib oldi va yon zarbalari bilan uni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Jang yakunlari bo‘yicha Shahram G‘iyosov g‘olib deb topildi (video).

O‘zbekistonlik finalda Olimpiada chempioni va ikki karra sovrindori, jahon chempionati 29 yoshli kubalik Ronel Iglesias bilan bellashadi. Bokschilar shu paytgacha ikki marta uchrashgan: 2016 yilgi Olimpiada chorak finalida Shahram G‘iyosov raqibini mag‘lubiyatga uchratgan, biroq WSB doirasida Kubada teng kurashlar ostidagi jangda Ronel Iglesias g‘olib deb topilgan edi.

81 kg: Bektemir Meliqo‘ziyev — Jozef Uord — 2:3 (27/30, 30/27, 28/29, 29/28, 27/30)

Olimpiada-2016 kumush medali sovrindori, Nankindagi 2014 yilgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari chempioni, jahon vitse-chempioni, Osiyo chempioni Bektemir Meliqo‘ziyev ikki karra jahon chempionati sovrindori, uch karra Yevropa chempioni irlandiyalik Jo Uord bilan bellashdi. Juda yaqin va keskin jang bo‘ldi. Bektemir raqibiga qaraganda yaxshiroq ko‘rindi, ko‘proq zarba berdi, biroq aniqlikda imkoniyatni boy berganga o‘xshaydi. Hakamlar qaroriga ko‘ra Jo Uord finalga yo‘l oldi. U so‘nggi uchrashuvda ikki yil muqaddam finalda o‘zini mag‘lubiyatga uchratgan kubalik Xulio Sesar la Krus bilan jang olib boradi (video).

Final janglari jadvali. UzReport telekanali orqali translyatsiya qilinadi

  • 49 kg: Hasanboy Do‘smatov — Xoanis Arxilagos (Kuba) — 21:00;
  • 52 kg: Jasurbek Latipov — Yosvani Veytiya (Kuba) — 21:15;
  • 64 kg: Iqboljon Xoldorov — Endi Krus (Kuba) — 22:00;
  • 69 kg: Shahram G‘iyosov — Ronel Iglesias (Kuba) — 22:15.

Barcha final juftliklari (PDF).