O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 avgustdagi qarori bilan «Xavfsiz shahar» yagona uskuna-dasturiy majmuani yaratish bo‘yicha Bosqichma-bosqich chora-tadbirlar dasturini tasdiqladi. Loyihani amalga oshirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiyaga bosh vazir Abdulla Aripov rahbar bo‘ldi.

«Xavfsiz shahar» majmuasi ichki ishlar organlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlari axborot tizimlari, videokuzatuv, qoidabuzarliklarni qayd etish, ob’ektlarni qo‘riqlash, ehtimoliy tahdidlarga javob qaytarish va ogohlantirish tizimlari, intellektual tahlil datchiklari hamda navbatchilik-dispecherlik markazlari va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarining qoidabuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha boshqa axborot tizimlarini integratsiya qilishni nazarda tutadi.

Mazkur vazifalar bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi markazi bazasida qayta tashkil etilayotgan Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi shug‘ullanadi.

Qabul qilingan dasturga muvofiq, «Xavfsiz shahar» loyihasini tashkil etish va rivojlantirish konsepsiyasi 1 oktyabrga qadar tasdiqlanishi lozim. Birinchi sinov bosqichi 2017−2019 yillarga mo‘ljallangan. U Toshkent bo‘yicha videokuzatuvlar, videotahlil hamda jinoyatlar va hodisalar to‘g‘risidagi xabarlarni qabul qilish va ro‘yxatga olishning avtomatlashtirilgan tizimlari asosida «Xavfsiz shahar» majmuasini yaratishni ko‘zda tutadi.

Ikkinchi bosqichda — 2019—2021 yillarda — «Xavfsiz shahar» viloyatlar markazlari hamda O‘zbekistonning yirik shaharlarini qamrab oladi. Uchinchi bosqichda — 2021−2023 yillarda — majmua butun mamlakatni egallaydi.

Loyiha doirasida yil oxiriga qadar Toshkent jamoat transportida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi loyihasi ishlab chiqishi lozim. Unga ko‘ra yo‘lovchilar oqimini kuzatish va jamoat transportida profilaktika ishlarini olib borishning intellektual-tahliliy tizimi joriy etiladi.

2018—2019 yillarda avtotransportlar uchun ajratib olish va onlayn-to‘lovning ilg‘or texnologiyalari qo‘llanilgan jamoat intellektual avtoturargohlari loyihasi amalga oshiriladi.