28 avgust kunidan boshlab Kichik halqa avtomobil yo‘lining bir qismida tajriba tariqasida termoplast yordamida yo‘l yotiq chiziqlari chizilmoqda. Bu haqda Toshkent IIBB xabar qildi.

Ishlar kapital ta’mirlangan Shota Rustaveli ko‘chasidan Avliyoota ko‘chasigacha bo‘lgan qismida «Avtomagistral» birlashmasi bilan hamqorlikda amalga oshirilmoqda.

Termoplast chiziqlarini chizish Germaniyada ishlab chiqilgan uskunalar bilan jihozlangan «MAN CLA» rusumli maxsus transport vositasi yordamida amalga oshirilmoqda.

Yo‘l qurilishiga oid manbalarda keltirilishicha, qatnov qismida oddiy bo‘yoq yordamida chiziqlar chizilsa, ularning foydalanish muddati qatnov jadalligiga bog‘liq ravishda 2−4 oyni tashkil etadi. Termoplast yordamida chizilgan chiziqlar esa 2−3 yil xizmat qiladi. Shuningdek, tashqi harorat 20 daraja bo‘lgan holatda ushbu chiziqlar 15−20 daqiqada qurib, foydalanishga yaroqli holatga keladi.