Bo‘stonliq tumanida yashovchi D.Nurxo‘jayev (1962 y.t.) G‘azalkent shahri hududidan oqib o‘tuvchi Parkent daryosida cho‘milayotib, ehtiyotsizligi oqibatida suvda cho‘kib ketishi natijasida vafot etgan, deb xabar qildi Toshkent viloyati prokuraturasi.

Mazkur baxtsiz hodisa Toshkent viloyatida hududida qayd etilgan yagona holat emas. Xususan, joriy yilning yozgi dam olish mavsumida viloyat hududidagi suv havzalari va daryolarda ehtiyotsizlik oqibatida jami 40 dan ziyod kishi, shu jumladan 5 nafar voyaga yetmagan suvda cho‘kishi natijasida vafot etgan.

Sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarning aksariyati fuqarolar tomonidan suv havzalari va daryolarda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik, shu jumladan ta’qiqlangan joylarda cho‘milish, mast holatda suvga tushish, ota-onalar tomonidan farzandlarini qarovsiz qoldirilishi kabi holatlar natijasida yuzaga kelgan.

Toshkent viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qurbonlarning yaqinlari va oila a’zolariga hamdardlik bildirilib, bu kabi baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida aholidan suv havzalari va daryolarda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish, shuningdek har qanday holatda o‘z farzandlari va yaqinlarini qarovsiz qoldirmaslik so‘raladi.