O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 sentyabr kuni Toshkentdagi Hazrati Imom (Xastimom) majmuasida bo‘lib, Islom sivilizatsiyasi markazi loyihasi bilan tanishdi, xabar berdi O‘zA.

Ushbu markaz davlat rahbarining 23 iyundagi Vazirlar Mahkamasi huzurida Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori asosida tashkil etilmoqda. Prezident markaz nomini Islom sivilizatsiyasi markazi, deb o‘zgartirish taklifini bildirdi.

Loyihaga ko‘ra, markazda akademiya, kutubxona, arxiv va qo‘lyozmalar fondi tashkil etilib, ularni bugungi O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar va ulamolar tomonidan asos solingan ilmiy va diniy maktablarga doir mamlakatda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori-atiqalar, shu yo‘nalishdagi zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, video va foto hujjatlar bilan boyitish, 300 o‘rinli konferensiya zali barpo etish ko‘zda tutilgan.

«Biz ajdodlarimiz bilan doimo faxrlanib kelganmiz, — dedi davlat rahbari. - Shunday ekan, o‘zimiz ham ularga munosib bo‘lishimiz kerak. Tashkil etilayotgan markazda ham buning uchun barcha sharoitlarni yaratish, yetuk olimlarni jalb qilish lozim. Mazkur sohaga oid adabiyotlarni jamlash, chet ellarda bo‘lsa, yurtimizga olib kelish choralarini ko‘rish zarur. Bundan tashqari, mamlakatimizdagi diniy yo‘nalishdagi to‘qqizta o‘rta maxsus va ikkita oliy ta’lim muassasasi ham markaz ixtiyoriga o‘tkaziladi. Bu yerda saboq beradigan o‘qituvchilar bilimi va saviyasiga alohida e’tibor qaratish darkor».

«Bu markaz bizning islom dini targ‘ibotidagi yuzimiz bo‘ladi. Shunday ekan, uning tashqi ko‘rinishi, bu yerda ishlatiladigan qurilish materiallariga ham e’tibor qaratish lozim. Odatdagi, ko‘zimiz o‘rganib qolgan loyihalardan voz kechib, yangi shakl va dizayn topishimiz kerak», — dedi Prezident.

Markaz qurilishi munosabati bilan boshqa joyga ko‘chiriladigan aholi uchun yangi zamonaviy uy-joylar barpo etilyapti.