Xalq ta’limi vazirligi majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishiga mutlaqo qarshi hamda tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan pedagoglarning o‘z kasbiga aloqasi bo‘lmagan turli ishlarga jalb qilinishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati bayonotida so‘z boradi.

Mazkur bayonot xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatovning Kun.uz sayti muxbiri bilan suhbati e’lon qilinganidan so‘ng ba’zi internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda ushbu masalaga noxolis yondashish, intervyuning ayrim qismlarini konteksdan ajratib noto‘g‘ri talqin qilish holatlari uchrayotgani munosabati bilan e’lon qilindi.

Vazirlik «sohada xizmat qilayotgan 400 ming nafardan ortiq fidoyi ustoz va murabbiylarning mehnatini qadrlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda ustoz obro‘sini oshirish yo‘lidagi ishlarini davom ettiradi», deyiladi bayonotda.

«Vazirlik qonunchiligimizda belgilangan mehnat munosabatlariga oid huquqiy normalarga so‘zsiz amal qiladi», — deya qayd etiladi unda.