O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni erta tongda «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasida Qatag‘on qurbonlari kuniga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Davlat rahbari O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, ulamolar, mahalla faollari va ziyolilar bilan suhbatlashdi.

Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezident tashabbusi bilan 2002 yil 31 avgustda «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyidagi eksponatlar bilan tanishdi.

«Ajdodlarimizning Vatan tinchligi va ozodligi yo‘lidagi kurashi bugungi kun yoshlari uchun ibrat maktabidir, — dedi davlat rahbari. — Har bir viloyatda Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining filiallarini tashkil qilishimiz kerak. Ular universitet va institutlar qoshida tashkil etilsa, ayni muddao bo‘ladi. Qatag‘on qurbonlari xotirasi bo‘yicha maktab darsliklarida maxsus dastur asosida o‘qitish tizimini ham ishlab chiqish zarur».

Ma’lumotlarga ko‘ra, yodgorlik majmui va muzey barpo etilgan joy XX asrning 20-yillaridan to Ikkinchi jahon urushi boshlanguniga qadar sobiq tuzum jazo organlariga qatlgoh bo‘lib xizmat qilgan. Toshkent shahrida otilgan qatag‘on qurbonlari shu yerdagi uchta qatlgohga dafn etilgan. Yodgorlik majmui ana shu sobiq qatlgoh hududlarini o‘zaro birlashtirib turadi. Agar ramziy sag‘ana yodgorlik majmuining memorial markazi hisoblansa, muzey binosi uning ma’rifiy markazi bo‘lib xizmat qiladi.