Sirdaryo viloyatida Jahon banki (JB) ko‘magida 280 ming aholini toza ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlovchi loyiha amalga oshirilmoqda. Sardoba, Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin va Xovos tumanlarida suv ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish uchun JB O‘zbekistonga 88 mln AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kreditni ajratdi. Mamlakat hukumat ulushi 12 mln dollarni tashkil etadi.

JB vakilining yaqindagina hududga tashrifi jarayonida ko‘plab infratuzilma ob’ektlarining qurilishi jarayoni, loyihani moliyalashtirish, zarur mahsulot va xizmatlarni sotib olish masalalari ko‘rib chiqildi, deya xabar qildi bankning Toshkentdagi vakolatxonasi matbuot xizmati.

Hozirda Sirdaryoning shahar va qishloqlari eskirgan hududiy suv tarmoqlari va alohida quduqlar tizimi orqali ichimlik suvini iste’mol qilib kelmoqda. Ushbu ifratuzilmalar juda eskirgan bo‘lib, ko‘plab aholi punktlarida suv ta’minotida tez-tez avariyalar kuzatiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning 25 foizi suv quvurlari tarmoqlariga mutlaqo ulanmagan va mahalliy aholi ariq va oqova suvlaridan iste’mol qilishga majbur bo‘lmoqda. Suv quvurlari tarmoqlariga ulanish imkoniyatiga ega aholining 55 foizi esa kuniga 6 soat, 10 foizi kuniga soat 6 dan 24 gacha ichimlik suvi bilan ta’minlansa, faqatgina 10 foiz aholi kunu tun ichimlik suvi tarmoqlaridan foydalanish imkoniyatiga ega.

«Ayrim qishloq tumanlarida aholi kuni olti soatgacha vaqtini 2 kilometrgacha uzoqlikdagi eng yaqin suv quvurlarigacha masofani piyoda bosib o‘tib, og‘ir suv idishlari bilan orqaga qaytishga majbur bo‘lmoqda. Viloyatda suv ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat 2019 yilda tegishli infratuzilmalar modernizatsiyasi yakuniga yetganidan so‘ng tubdan o‘zgaradi», — dedi JB tomonidan loyiha rahbari VB Devid Lord.

Loyiha 1500 km suv quvurlari va vodovodlarning (suv quvuri o‘tishi uchun qazilgan tunnel) mavjudlarini rekonstruksiya qilish va yangilarini yotqizishni ko‘zda tutadi. 40 ta suv taqsimlovchi uzel, 32 ta suv bosimini hosil qiluvchi minora va 2 ta suvni xlor bilan zararsizlantiruvchi qurilma foydalanishga topshiriladi.

Suv ta’minoti tizimining modernizatsiya qilinishi natijasida viloyatdagi qariyb 47 ming uy xo‘jaligi va 93 ta aholi punkti kunu tun toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Suvni iste’molchiga yetkazib berishgacha jarayondagi suv yo‘qotishlari hajmi 40,2 foizdan 14 foizga kamaytiriladi. Har kunlik suv iste’moli esa qishloqlarda kishi boshiga kuniga 15,2 litrdan 95 litrgacha, shaharlarda esa 125 litrgacha oshiriladi.