Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan artist Sohib Poshshozoda Samarqandda «Sharq taronalari» 11-xalqaro musiqa festivali Gran-prisini qo‘lga kiritdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, taqdirlash marosimi ushbu musiqiy tadbir bo‘lib o‘tgan Registon maydonida tashkillashtirildi.

Birinchi o‘rin Xalq qo‘shiqlarini saqlash bo‘yicha Geosong jamg‘armasi (Janubiy Koreya) jamoasi va O‘zbekiston vakili Mohichehra Shomurodovaga nasib etdi.

Ikkinchi o‘rinni Qirg‘iziston va Latviya artistlari qo‘lga kiritdi. Uchinchi darajali diplomlar Eron, Indoneziya va Turkiya vakillari qo‘liga topshirildi.

Qator nominatsiyalar bo‘yicha YUNESKO, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, «Sharq taronalari» festivali direksiyasi, Samarqand viloyati va Samarqand shaharlari hokimliklari hamda boshqa tashkilotlarning maxsus sovrinlari taqdim etildi.

Joriy yilda festivalda 58 davlatning an’anaviy musiqa va qo‘shiq san’ati vakillari qatnashdi.

Samarqand shahridagi muzeylar, hunarmandlar markazlari va mehmonxonalarda festival tarixiga oid suratlar, milliy hunarmandlik mahsulotlari va cholg‘u asboblari ko‘rgazmalari namoyish etildi. Tarixiy obidalar, buyuk allomalar nomi bilan bog‘liq majmualar, ta’lim muassasalari, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalariga sayyohatlar uyushtirildi.

Anjuman doirasida o‘tkazilgan «Sharq xalqlari musiqa madaniyatida milliy an’analarning shakllanishi va rivojlanishi» mavzuidagi xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya san’atshunos olimlarning yirik xalqaro anjumani sifatida muhim va dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlandi. Tadbirda 20 dan ortiq mamlakatdan kelgan olim va mutaxassislar ma’ruzalar qildi, taqdimotlar o‘tkazdi.

Marosimda o‘zbekistonlik san’at ustalari va yosh ijrochilar tomonidan konsert dasturi hamda «O‘zbekiston madaniy merosi — umumbashariy boylik» deb nomlangan 3D proyeksiya-musiqali yoritish tomoshasi namoyish etildi.