O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzurida may oyida tashkil etilgan Majburiy ijro byurosi olib borilgan ishlarning ilk hisobotini e’lon qildi.

Energiya resurslari uchun to‘lovlarning undirilishi

Foydalanilgan energiya resurslari uchun to‘lovlarni undirish borasida ko‘rilgan choralar natijasida iyun oyida 812,4 mlrd so‘m, iyul oyida 1,2 trln so‘m, avgust oyida 1,6 trln so‘mdan ortiq to‘lovlar undirildi.

Qarzdorliklarni undirish maqsadida iyundan avgustgacha bo‘lgan davrda 4,6 trln so‘m qarzdorlikni to‘lash yuzasidan 4,6 mln talabnomalar yuborildi, 112,4 mlrd so‘m qarzdorlikni ish haqidan ushlab qolish haqida 177,3 mingta talabnomalar berildi, 993,2 mlrd so‘m qarzi bo‘lgan 39,4 ming yuridik shaxsning hisob raqamlariga inkasso topshiriqnomalari qo‘yildi, sudlarga 12,2 mingta da’vo arizalari kiritildi, hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan va tarmoqqa noqonuniy ulangan 92 ming iste’molchi, shu jumladan 11,2 nafar yuridik shaxs elektr va gaz tarmoqlaridan uzildi.

Turar va noturar joy fondi inventarizatsiyasi

1 million 695 ming 463 ta turar va noturar joy binolarini inventarizatsiyadan o‘tkazish davomida 285 ming 512 ta kadastr hujjatlari mavjud bo‘lmagan bino, 16 ming 127 ta o‘zboshimchalik bilan qurilgan ob’ekt, 525 ming 657 ta nosoz yoki davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tmagan energiya resurslari iste’molini hisobga olish uskunasi, 110,4 mlrd so‘m noreal qarzdorlik (elektr energiyasi uchun 59,7 mlrd so‘m, gaz uchun 50,7 mlrd so‘m) aniqlandi. Natijasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.

Huquqbuzarlik holatlarini fosh etish bo‘yicha chora-tadbirlar

Energiya resurslarining talon-toroj qilinishi va buning oqibatida 137,5 mlrd so‘m noreal qarzdorlikning kelib chiqqani holatlari bo‘yicha 111 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Masalan, «Andijonshahargaz, «Andijon yog‘-moy» AJ va «Andijon bioximiya zavodi» AJ mansabdor shaxslari tomonidan o‘zaro til biriktirib, 7 ta mahalla aholisini yuqori bosimli gaz tarmog‘iga noqonuniy ulash yo‘li bilan 10,3 mlrd so‘m talon-toroj qilingani aniqlangan.

Yoki, «Bo‘stonliqtumangaz» filiali va «Toshkentgazta’minot» unitar korxonasi mansabdor shaxslari iste’molchilarning tabiiy gaz sarfi ko‘rsatkichlariga soxta ma’lumotlar kiritib, 15,6 mlrd so‘m miqdorida noreal qarzdorlikning vujudga kelishiga sababchi bo‘lgan.

Shuningdek, talon-torojliklar natijasida paydo bo‘lgan qarzdorlikni energiya resurslari hisobini yuritish bo‘yicha ma’lumotlar bazasiga soxta ma’lumotlar kiritish yo‘li bilan aholiga qayta taqsimlash holatlari aniqlandi.

Masalan, Koson ETK mansabdor shaxslari 2012−2017 yillarda «Elektrhisoblagich» DK ma’lumotlar bazasiga Koson tumani hokimining qarori bilan faoliyati tugatilgan 100 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning qarzdorligi borligi haqida soxta ma’lumotlar kiritishi natijasida 2 mlrd 383 mln so‘m noreal qarzdorlik paydo bo‘lgan.

Yoki Jarqo‘rg‘on tumani ETK mansabdor shaxslari 47 ta fermer xo‘jaligi va iqtisodiyot kollejining 11,6 mlrd so‘m qarzdorligi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar bazasiga soxta ma’lumotlar kiritgan.

Qayd etish lozimki, mavjud qarzdorlikni hisobdan chiqarib berish evaziga qonunga xilof ravishda haq olganlik holatlari bo‘yicha 51 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Sud hujjatlari ijrosini ta’minlash

Joriy yilning iyun-avgust oylari davomida ko‘rilgan choralar natijasida 2,7 trln so‘m undirilishi, 4,3 mlrd so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanilishi, sud hujjatlarini o‘z vaqtida ijro qilmagan shaxslardan 7,3 mlrd so‘m ijro yig‘imlari undirilishi ta’minlandi.

Energiya resurslaridan foydalanish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlash hamda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 2017 yil iyun-avgust oylari davomida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan 6,32 trln so‘m undirilishi ta’minlandi.