Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin O‘zbekiston mustaqilligining 26 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Prezidentini tabrikladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimida faoliyat boshlaganingizdan buyon, Sizning rahnamoligingizda strategik ahamiyatga ega qator ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda, yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Bu O‘zbekiston xalqi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda», — deyiladi tabrikda.

«Men Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish va Siz bilan do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga alohida ahamiyat qarataman. Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida XXR va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama sheriklikni birgalikda rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida Siz bilan o‘zaro yaqin munosabatlarimizni izchil davom ettirishga tayyorligimni bildiraman», — deb yozadi Si Szinpin.

XXR Raisi O‘zbekistonga taraqqiyot va farovonlik, mamlakat xalqiga esa baxt-saodat tiladi.