O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampga maktub yo‘lladi. Mazkur maktubda «talofatli „Harvey“ dovuli oqibatida Texas shtatida ko‘plab insonlarning halok bo‘lishi va jarohatlanishi haqidagi xabar bizni qattiq qayg‘uga soldi» deyilgan.

TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbari nobud bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik va dalda so‘zlarini yetkazishni so‘radi, shuningdek, jarohat olganlarga tez fursatlarda sog‘ayishni tiladi.

Sakkiz kun davomida davom etib, so‘ngra tropik po‘rtanaga aylangan hamda rekord darajadagi yog‘ingarchiliklarga sabab bo‘lgan «Harvey» dovuli oqibatida hayotdan ko‘z yumganlar soni 30 nafarga yetdi. Suv ostida qolgan hududlarda 13 ming kishining hayoti xavf ostida qolgan, deya xabar berdi RIV Novosti agentligi.