AQSH Prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Mustaqillik kuni munosabati bilan tabrik maktubini yo‘lladi. Bu haqda «O‘zbekistan 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi xabar qildi.

«Sizni va O‘zbekiston xalqini 1 sentyabr kuni nishonlanadigan mamlakatingiz mustaqilligining 26 yilligi bilan Amerika xalqi nomidan muborakbod etaman. O‘zbekiston milliy bayrami hamda Sizning davlat rahbari lavozimidagi faoliyatingizning birinchi yili yakunlanayotgani munosabati bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik va sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lida qat’iy ekanimizni tasdiqlamoqchiman», — deyiladi tabrikda.

«Biz Sizning rahnamoligingizda amalga oshirilayotgan mintaqada barqarorlikni ta’minlash, demokratik qadriyatlarni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan izchil sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz», — deya ta’kidlanadi maktubda.

Donald Tramp Shavkat Mirziyoyev va butun O‘zbekiston xalqiga ushbu qutlug‘ sanani shodu xurramlik bilan nishonlashni tiladi.