28−30 avgust kunlari Rigada iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Latviya-O‘zbekiston hukumatlararo komissiyasining yettinchi yig‘ilishi hamda ikki davlat tadbirkor doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Biznes-forum jarayonida Latviyaning De Fonte Group kompaniyasi va O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi qoshidagi «O‘ztreyd» tashqi savdo kompaniyasining hamkorlikdagi savdo uyini ochish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi, deb xabar qildi mahkama matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

De Fonte Group 2008 yilda tashkil etilgan bo‘lib, to‘qimachilik, mashinasozlik va axborot texnologiyalari kabi sohalarda sakkizta korxonaga ega. U Toshkentda O‘zbekiston va Yevropa davlatlarida biznesni rivojlantirish masalalar bo‘yicha tadbirkorlarga maslahatlar beruvchi Latviya biznes markazini ochdi. 2017 yilda kompaniya Chirchiqda elektrokarting, elektrovelosipedlar, elektroskuterlar va elektrokvadratsikllar ishlab chiqaruvchi De Fonte Electric Car korxonasiga asos soldi.

O‘zbekistondan Latviyaga yangi va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, elektrotexnikalar, kimyo mahsulotlari, to‘qimachilik buyumlari, yuqori samaradorlikka ega mineral o‘g‘itlar, yengil va yuk mashinalari hamda boshqa tovarlarni yetkazib berishi mumkinligi qayd etildi.

Tashrif doirasida «O‘ztreyd» Latviyaga o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining to‘qimachalik, meva-sabzavot hamda boshqa mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha qiymati 10 mln dollarga yaqin shartnomalar imzolandi.

Bundan tashqari, «O‘ztreyd» latviyalik sheriklar bilan O‘zbekiston tashqi savdo yuklarini Yevropa bozorlari yo‘nalishlarida tashish logistikasini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishdi. Buning uchun portlar infratuzilmasi rivojlangan xalqaro ahamiyatga molik Yevropa transport uzeli hisoblangan Liyepaya shahridagi omborxona majmuasidan foydalaniladi.