O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 28 avgust kuni Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlarining jangovar tayyorgarlik rejasiga muvofiq «Kattaqo‘rg‘on» dala-o‘quv maydonida o‘tkazilgan operativ taktik mashqlarni kuzatdi, deb xabar qildi O‘zA.

Mazkur dala-o‘quv maydonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlari tomonidan dushman tahdidini qaytarish va uni yo‘q qilishga doir mashg‘ulotlar bir-biriga bog‘liq bo‘lgan jami oltita jangovar harakatlar epizodi va uchta alohida epizodda namoyish etildi. Vatan himoyachilari barcha vazifalarni muvaffaqiyatli bajardi.

Davlat rahbari harbiy mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Harbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning xizmat va hayot sharoitlarini yaxshilash, bilimi va ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shavkat Mirziyoyev milliy armiyamiz moddiy-texnik ta’minoti bilan shug‘ullanadigan alohida tuzilma tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Prezident Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida qo‘llanib kelinayotgan harbiy texnika va qurol-aslahalar, ya’ni zirhli texnikalar, artilleriya qurollari, motoo‘qchi bo‘linmalaridagi avtomobillar, razvedka va aloqa vositalari bilan tanishdi.