O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning kichik qizi Lola Karimova-Tillayeva yaqin vaqtlarda O‘zbekistonning YUNESKOdagi elchisi lavozimini tark etishni rejalashtirmoqda, deya xabar qilindi «O‘zbekiston 24» telekanali saytida.

«Oilamga, shaxsiy maqsadlarim va loyihalarimga, Islom Karimov jamg‘armasini, shuningdek, boshqa ijodiy, xayriya va madaniy loyihalarni amalga oshirish uchun yaqin vaqt ichida elchilik vazifamdan voz kechishni rejalashtirmoqdaman», — deya ma’lum qildi Karimova-Tillayeva O‘zbekistonning islomiy madaniy va ilmiy merosiga bag‘ishlangan konferensiyada.

Lola Karimova-Tillayeva 2008 yilda O‘zbekistonning YUNESKOdagi elchisi lavozimiga tayinlangan edi. U «Sen yolg‘iz emassan» Respublika bolalar jamoat fondi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markaziga ham rahbarlik qiladi, Gimnastika federatsiyasi prezidenti hamda Islom Karimov nomidagi Respublika jamoat xayriya jamg‘armasi vasiylik kengashi raisi hisoblanadi.