O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni Samarqand shahrida «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali va «Jahon tamadduni tarixida Markaziy Osiyo Renessansi» xalqaro anjumanida ishtirok etish uchun mamlakatda bo‘lib turgan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi Taleb Rifaini qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, BMTning turizm sohasidagi ixtisoslashgan instituti bilan hamkorlik jadal va samarali kechayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Uchrashuvda turizm sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Taleb Rifai Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi hamda O‘zbekistonda turizm sohasini iqtisodiyotning strategik tarmog‘i sifatida rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi.

Bosh kotib Jahon sayyohlik tashkiloti O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga doir dastur va loyihalarni faol qo‘llab-quvvatlash va ularda ishtirok etishga tayyor ekanini ta’kidladi.