Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy saytida e’lon qilingan o‘g‘irlik va firibgarlik jinoyatlari haqidagi xabarda gumondorlardan biriga «viloyatlik shaxslarga o‘xshash» ta’rifi qo‘llanilgani yuzasidan tushuntirish berdi.

«Shuni ma’lum qilamizki, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan yurtimiz fuqarolari bunday atama bilan toifalanmaydi, bunday holat xabarni tayyorlagan xodimning e’tiborsizligi tufayligina kelib chiqqan. Buni hech qanday g‘araz maqsad emas, shunchaki tushunmovchilik sifatida qabul qilinishini so‘rar edik», — deyiladi IIBB xabarida.

«Xodimga nisbatan tushuntirish ishlari olib borildi va kelgusida bunday xatoga yo‘l qo‘yilmasligini bildirib o‘tamiz», — deya yakunlanadi xabar.

Eslatib o‘tamiz, 25 avgust kuni Toshkent IIBB rasmiy saytida qidiruvdagi shaxslar haqida xabar berildi. Unda Toshkent shahri aholisi o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlaridan ogohlantirilgan va begona shaxslarni xonadonga umuman qo‘ymaslik, turli nayrang, aldovlarga ishonmaslik so‘ralgan.

Xabarga ko‘ra suv ichib olish, yirik kupyuradagi pullarni maydasiga almashtirib olish, hojatini chiqarib olish yoki telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib olish bahonasida uylarga kirib turli jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan, voqea joyi yaqinida joylashgan videokuzatuv kamerasiga tushgan shaxslar suratlari keltirilgan.