O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati payshanba kuni bo‘lib o‘tgan yalpi yig‘ilishida Toshkent viloyati ma’muriy-hududiy tuzilmasidagi qator o‘zgarishlarni tasdiqladi.

Senat axborot xizmatining xabar qilishicha, parlament yuqori palatasi Toshkent viloyati To‘ytepa shahri va O‘rtachirchiq tumani chegaralarini o‘zgartirish, To‘ytepaning viloyat boshqaruvidagi shahar toifasiga kiritish hamda To‘ytepani Toshkent viloyati ma’muriy markazi etib belgilash to‘g‘risidagi hukumat takliflarini tasdiqladi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahri va Yangiyo‘l tumani, Ohangaron shahri va Ohangaron tumani chegaralariga o‘zgartirish kiritish, shuningdek, ko‘rsatib o‘tilgan ikki shaharni viloyat boshqaruvidagi shaharlar toifasiga kiritish tasdiqlandi.

Yig‘ilishda qabul qilingan qarorlar hududlarni boshqarish samaradorligini oshirish, aholi uchun sharoitlarni yaxshilash va turizm sohasini rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.