O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 24 avgust kuni mamlakat Konstitutsion sudining yangi tarkibini tasdiqladi. Asqarjon G‘ofurov, Fayzulla Qayumov, Baxtiyor Mirolimov, Baxtiyor Mirboboyev, Genjemurat Pirjanov va Qahramon O‘ljayev uning tarkibidan o‘rin oldi.

Xuddi shu kuni Konstitutsion sud mazkur tarkib raisini sayladi. Unga ko‘ra Baxtiyor Mirboboyev rais, Asqarjon G‘ofurov uning o‘rinbosari bo‘ldi.

Konstitutsion sud qonunchilik va ijro hokimiyatining konstitutsion aktlari to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi. U Prezident taqdimnomasi, shuningdek O‘zbekiston Oliy sudyalar kengashi tavsiyasi bo‘yicha siyosat va huquq sohalaridagi mutaxassislar orasidan Senat tomonidan saylanadi. Uning tarkibidan Qoraqalpog‘iston vakili ham o‘rin oladi.

1 iyun kuni Konstitutsion sud mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish (80, 93, 108 va 109-moddalarga) to‘g‘risidagi qonun kuchga kirganidan so‘ng Konstitutsion sudning avvalgi tarkibi vakolati to‘xtatilgan edi.