O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 24 avgust kuni «Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov to‘g‘risida"gi qonunni tasdiqladi.

Senat axborot xizmatining xabar qilishicha, qonun Tuman kengashini shakllantirish uchun tashkiliy-huquqiy sharoitlarni yaratib, mahalliy hukumat organlarining byudjet vakolatlari hamda poytaxt tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini amalga oshirishdagi ular rolini kengaytirishga imkon beradi.

Amaldagi qonunchilikda (Konstitutsiyaning 99-moddasi, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida» qonunning 1-moddasi) Toshkentda Xalq deputatlari kengashlarini tashkil etish ko‘zda tutilmagan. Bu poytaxt tumanlarida (Toshkentda ular soni 11 ta) mahalliy byudjet loyihalari va ularning ijrosini muhokama qilishga imkon bermaydi. Byudjet kodeksida esa tuman (shahar) byudjetlarini ko‘rib chiqish va qabul qilish, shuningdek, ularning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni tinglash Xalq deputatlari kengashlari vakolatiga kirishi belgilangan.

Qonun bilan Konstitutsiya, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida», «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov to‘g‘risida"gi qonunlar va boshqa huquqiy aktlarga o‘zgartishlar kiritiladi. Unga ko‘ra, 2017 yil dekabr oyining uchinchi dekadasi birinchi yakshanbasida saylov o‘tkazish yo‘li bilan poytaxtda tuman Kengashlari tashkil etiladi.

Qonun bilan shaharlarda tumanlar hokimlarini lavozimiga tasdiqlash, shuningdek, yangi Kengashlar tashkil etilishi munosabati bilan tumanlar Kengashlari oldida ular hisobotlarini tinglash tartiblari ham o‘rnatilmoqda.