O‘zbekiston Oliy Majlis Senati payshanba kuni o‘tkazilgan yalpi majlisda Yoshlar kuni va Qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini belgilash haqidagi qonunlarni tasdiqladi, deb xabar berdi Senat axborot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar kuni 30 iyunda nishonlanadi. Joriy yilning mazkur kunida «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tuzish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni dekabrning ikkinchi yakshanbasiga belgilandi. Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi — qishloq mehnatkashlari jonbozligining, davlat mustaqilligini mustahkamlashga, mamlakat gullab-yashnashiga ular qo‘shayotgan hissasining e’tirof etilishidir.