Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayev o‘zining Facebook-sahifasida klub faoliyati hech qachon to‘xtamagani va u o‘z ishini davom ettirishini ma’lum qildi.

Mazkur xabar qator OAVlarda klub faoliyati O‘zbekiston bosh vaziri tomonidan tanqid ostiga olingani hamda XPK yig‘ilishlari endilikda televideniye orqali jonli efirga uzatilmasligi to‘g‘risidagi xabarlarga javob bo‘ldi.

«Bitta kichik voqea atrofida Xalqaro press klub va O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi faoliyati doirasidan chiqib ketayotgan asossiz gap so‘zlar tarqatilib, noto‘g‘ri talqin qilinmoqda», — deb yozdi Sherzod Qudratxo‘jayev.

«O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov Xalqaro press klub tashkil bo‘lganidan to shu kungacha uni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Tashkiliy masalalarni hal etishda yaqindan yordam ko‘rsatmoqda. Biroq ish jarayoni doim ham tekis va silliq kechmaydi. Shunday alohida holatlardan mamlakatda demokratiya islohotlari to‘xtagani, so‘z erkinligi poymol qilinayotgani haqida global xulosalar qilish mutlaqo noto‘g‘ri va o‘rinsizdir».

Shu kunlarda internetda o‘ta faol muhokama qilinayotgan ushbu mavzu lokal xarakterga ega edi. Va uni jamiyatimizda kechayotgan boshqa islohotlarga soya soladi deb talqin qilish asossizdir, deya qo‘shimcha qildi u.

Xalqaro press-klub aprel oyida nodavlat notijorat tashkilot sifatida ro‘yxatga olingan. Uning yig‘ilishlari so‘nggi vaqtlarda jonli efirga uzatilmoqda, ularda vazirlar, hokimlar, turli tashkilot va kompaniyalar, shuningdek xalqaro tuzilmalar vakillari chiqish qilmoqda.