Toshkent IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi odam savdosi bo‘yicha tergov harakatlarini olib bormoqda. IIBB matbuot xizmati o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi mayor Kamolovning jinoyat ishi bo‘yicha izohini e’lon qildi.

21 avgust kuni Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasiga fuqaro Umida Yalgasheva murojaat qilib, u avgust oyining boshlarida Shaxodat ismli ayol bilan tanishib qolganini ma’lum qiladi. U Zarina ismli qizi borligi, u homilador ekani, tug‘iladigan farzandini 1000 AQSH dollari evaziga sotish niyati borligini aytadi. Umida Yalgasheva mazkur ayollarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.

Shu kuni Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan jinoyatchilarni qo‘lga olish borasida tezkor tadbir rejalashtirilib, soat 14:00 larda, Olmazor tumani Farobiy ko‘chasida joylashgan «Makro» supermarketi avtoturargohida Shaxodat Sattorova va Zarina Jurakulova yangi tug‘ilgan (16 avgustda), hech handay shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan qiz chaqaloqni 1000 AQSH dollari evaziga sotgan vaqtda ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.

Dastlabki tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni sodir etganlikda ayollarning aybi to‘liq isbotlanib, ularga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «a» bandi (odam savdosi, ya’ni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsni olish-sotish) bilan ayblov e’lon qilindi va jinoyatning og‘irlilik darajasini inobatga olgan holda ayblanuvchilarga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanmoqda.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, Shahodat Sattorova va Zarina Jo‘raqulovaning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.