O‘zbekiston delegatsiyasining Hindistonga tashrifi doirasida hamda biznes-forum yakunlariga ko‘ra umumiy hajmi 80 mln AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 22 ta shartnoma hamda umumiy hajmi 70 mln. AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 20 ta investitsion bitim imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Forumda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov, tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov, Hindiston savdo va sanoat davlat vaziri Nirmala Sitharaman, «Hindiston-MDH» Savdo-sanoat palatasi faxriy prezidenti Rajan Madhu, O‘zbekiston va Hindistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari nutq so‘zlashdi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov forumning ochilishida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston uchun Hindiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmon doiralarimiz o‘rtasida yanada yaqin munosabatlarni o‘rnatish, respublikadagi ishlab chiqarish loyihalarida ishtirok etishga yangi hind kompaniyalarini jalb qilish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

So‘nggi besh yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2 barobardan ortiq ko‘paydi va 2016 yil yakunlariga ko‘ra 370 mln. AQSH dollarini, 2017 yil birinchi yarmida 166,5 mln AQSH dollarini tashkil etdi. O‘zbekistonda hind kapitali ishtirokidagi 101 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 15 tasi 100 foiz chet el kapitali asosida ishlamoqda.

O‘zbekiston tashkilotlari va kompaniyalari Hindiston bozoriga eksport mahsulotlarining keng nomenklaturasini, jumladan paxta tolasi, qayta ishlangan kalava ip, yigirilgan ip va mato, mis va undan ishlangan buyumlar, kimyoviy mahsulotlar, mineral o‘g‘itlar, elektrotexnika va kabel-o‘tkazgish, meva-sabzavot va boshqa mahsulotlarni yetkazib berishga hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar spektrini kengaytirishga tayyor.

O‘z navbatida O‘zbekiston talab mavjud bo‘lgan tayyor sanoat mahsulotlarini, jumladan kimyoviy tovarlar, dori-darmon vositalari, tekstil va ko‘nchilik tarmoqlaridagi, informatsion texnologiyalar va telekommunikatsiyalar va boshqa sohalardagi loyihalarni ishlab chiqishni tashkil qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun Hindistonning yuqori texnologik kompaniyalarini jalb qilishdan manfaatdor.

O‘zbekiston TIV rahbari hind investorlarini mazkur erkin iqtisodiy zonalarda ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishda keng ishtirok etishga taklif etdi.