2018 yildan O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslarga bankrotlik holatini tatbiq etilishi mumkin. Muhokama uchun e’lon qilingan qonun loyihasi bunga guvohlik bermoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston qonunchiligida faqatgina yuridik shaxslarga nisbatan bankrotlik jarayoni tatbiq etiladi. Qonun loyihasiga muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan yoki davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan hamda kreditorlar talablarini qondira olmagan jismoniy shaxslar o‘rnatilgan tartibda bankrot deb e’lon qilinishi mumkin.

Mazkur normaning kiritilishi munosabati bilan Fuqarolik kodeksi va «Bankrotlik to‘g‘risida"gi qonunning qator moddalariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Qonun loyihasini ishlab chiqqan Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1 iyul holatiga ko‘ra davlat ro‘yxatidan o‘tmagan holda tadbirkorlik faoliyatini olib borgan 158 ming nafar xususiy tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslar va fuqarolar 105,9 mlrd so‘m miqdoridagi qarzdorlikka ega.

«Amaliyotda bunday qarzdorlikni undirish imkoniyati mavjud emas, biroq uni imkonsiz deb ham aytib bo‘lmaydi», — deyiladi qonun loyihasiga berilgan sharhda.