O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 avgustdagi farmoni bilan Ulug‘bek Rozuqulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan bosh vazir o‘rinbosari — «O‘zavtosanoat» AK boshqaruvi raisi — Tashqi iqtisodiy faoliyatni, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi rahbari lavozimidan ozod qilindi.

Davlat rahbarining boshqa farmoni bilan Nodir Otajonov bosh vazir o‘rinbosari — «O‘zavtosanoat» AK boshqaruvi raisi — Tashqi iqtisodiy faoliyatni, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi rahbari etib tayinlandi.

Nodir Otajonov (1967 yilda tug‘ilgan) Andijon qishloq xo‘jaligi instituti (1993), Namangan muhandislik-pedagogika instituti (1999) va Bank-moliya akademiyasi (2000) bitiruvchisi.

1993—2007 yillarda O‘zbekiston Moliya vazirligi tizimida faoliyat ko‘rsatgan. 2007—2010 yillarda «O‘zavtosanoat-lizing» kompaniyasi direktori bo‘lgan. 2010 sentyabrida «O‘zqishloqxo‘jalikmash» lizing kompaniyasi, o‘tgan yilning noyabrida «O‘zagrotexsanoatxolding» tarkibida qayta tashkil etilgan «O‘zagrolizing» AJga rahbarlik qilgan.