BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zeyd Raad Al Huseyn BMTning O‘zbekistondagi sobiq xodimi Erkin Musayevning ozod etilganini muborakbod etdi, deya xabar qilindi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi press-relizida.

BMTTD va Yevropa ittifoqining hamkorlikdagi dasturlarining mamlakatdagi rahbari, muqaddam Mudofaa vazirligida ishlagan Erkin Musayev 11 yil davomida hibsda saqlab kelinayotgan edi. U mintaqaviy seminarda ishtirok etish uchun uchib ketmoqchi bo‘lganida Toshkent aeroportida hibsga olinib, uchta alohida ayblov bo‘yicha 2006 va 2007 yillarda mos ravishda 15,6 va 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

2008 yilda BMTning O‘zboshimchalik bilan hibsga olish bo‘yicha ishchi guruhi sifatida tanilgan mustaqil «Maxsus protsedurasi» Erkin Musayev adolatli hukm qilinmaganligini hamda uning ushlanishi o‘zboshimchalik ekanligini e’lon qilgan. Keyinchalik uning ishi bilan BMTning boshqa tuzilmalari, shu jumladan BMTning boshqa maxsus protseduralari va Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda inson huquqlari bo‘yicha uch Oliy komissari shug‘ullanishgan.

Xabar qilinishicha, Zeyd Raad Al Huseyn may oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan vaqtidagi Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvida Erkin Musayevni ozod qilish masalasi muhokama qilingan.

«Janob Musayev o‘z umrining 11 yilidan mahrum bo‘lgan, buni hech qachon unga qaytarib berishning iloji yo‘q, — dedi Zeyd Raad Al Huseyn. — Shunga qaramasdan, endi u nihoyat ozod inson va bu O‘zbekistonning yangi rahbariyati davrida yaqqol o‘zgarishlar sodir bo‘layotganligining yana bir dalilidir. Men O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatini qolgan barcha siyosiy mahbuslarni imkoni boricha tezroq ozod etib, o‘zgarishlarning mazkur muayyan sohasini mustahkamlashga qat’iy suratda chaqiraman».

Erkin Musayevning ozod qilinishini Human Rights Watch va Amnesty International kabi xalqaro huquq himoyasi tashkilotlari ham ijobiy qarshi olgan.