O‘zbekistonda Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etiladi, deya xabar qildi xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub yig‘ilishida.

«Prezident bolalar maktabga maktab ta’limiga tayyor holda borishlari uchun shunday vazifani qo‘ydi. Shu munosabat bilan kelgusida bir necha shakldagi, jumladan nodavlat va qisqa muddatli shakldagi maktabgacha ta’lim muassasalari (MTM) tarmog‘i shakllantiriladi. Shuning uchun Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilmoqda», — deya ta’kidladi vazir.,

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi vazirlik maktabgacha yoshdagi bolalarni o‘qitish va tarbiyalash, shuningdek, bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash usullari hamda metodologiyasi masalalari bilan shug‘ullanadi.

Ulug‘bek Inoyatov yaqinda hukumat tomonidan tasdiqlangan maktabgacha ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi nizom to‘g‘risida ham izoh berib o‘tdi. Ushbu nizomga ko‘ra, davlat MTMlariga qabul qilish yoshi avvalgidek 2 emas, balki 3 yosh etib belgilandi.

«Barcha rivojlangan davlatlarda xuddi shunday yosh belgilangan, chunki 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar tez-tez kasallikka chalinadi, ular jamoat joylariga yomon moslashadi. 3 yoshgacha eng yaxshi ta’lim va tarbiya uyda, ota-ona tomonidan beriladi, bu juda katta ijobiy natija beradi», — dedi vazir.

«MTMlar vazifasi bunday yoshdagi bolalarni parvarishlash emas, balki ularni o‘qitish va tarbiyalash. Shuning uchun biz boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganib, O‘zbekistonda ham MTMLarga qabulni 3 yoshdan etib belgiladik», — deya qayd etdi Ulug‘bek Inoyatov.