Kelgusi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda yagona maktab libosini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub yig‘ilishida ma’lum qildi.

O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 avgust kuni ta’lim tizimidagi islohotlar bo‘yicha yig‘ilishda yagona maktab libosini joriy etish taklifini ilgari surdi. U o‘quvchilar bir-biriga kiyimiga qarab baho berishi va shu sababli kelishmovchiliklar yuzaga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini ta’kidlagan.

Ulug‘bek Inoyatov O‘zbekiston maktab liboslari mavjudligi, har bir maktab ota-onalar bilan hamkorlikda o‘z uniformasini ishlab chiqqani, biroq liboslarning xorijdan import qilingani yoki o‘quvchi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi materiallardan tayyorlangani kabi holatlar uchraganini ma’lum qildi.

«Eng kamida 8−10 modeldan tarkib topgan, o‘z matolarimizdan o‘z dizaynimiz asosida o‘zimizda tayyorlangan maktab liboslariga o‘tamiz. Kelgusi o‘quv yiligacha biz „O‘zbekengilsanoat“ bilan hamkorlikda ota-onalar va ekspertlar fikrini inobatga olgan holda yangi formalarni tayyorlaymiz», — dedi vazir.

U mazkur maktab liboslari keng jamoatchilikka namoyish qilinadi. Hozircha yangi liboslar qancha turishi noma’lum, ammo ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida qiymatining yarmi miqdoridagi dastlabki to‘lov bilan kreditga berish imkoniyati taqdim etiladi.