23 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni yanada joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» teleradiokanali sayti.

Qarorda ta’kidlanganidek, mamlakatda energetika sohasini yanada isloh qilish, elektr va issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, suvdan oqilona foydalanishni ta’minlash, shuningdek, to‘lov intizomini mustahkamlash choralari ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, energiya resurslari iste’molining samaradorligini monitoring qilishning ta’sirchan tizimi, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xizmatlarning mavjud emasligi energiya resurslari xarajatlarini maqbullashtirish imkonini bermayapti.

Issiqlik ta’minoti ob’ektlarini modernizatsiya qilishda tizimli kamchiliklar, ma’naviy va jismonan eskirgan qozonxona asbob-uskunalaridan foydalanishning saqlanib qolayotganligi energiya resurslarini samarasiz iste’mol qilishga olib kelmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida qarorgamuvofiq:

1) «Energiya tejash milliy kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilib, unga quyidagi vazifalar yuklatildi:

  • davlat organlari va tashkilotlarida energiya resurslari iste’molining samaradorligini monitoring qilish;
  • davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha takliflarni tayyorlash;
  • davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish;
  • davlat organlari va tashkilotlarining xarajatlarini maqbullashtirish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) tannarxini pasaytirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va energiya resurslari uchun xarajatlarni qisqartirish hisobiga byudjet hamda o‘z mablag‘larini tejash;
  • foydalaniladigan energiya resurslari hajmini kamaytirishga qaratilgan texnik, texnologik, iqtisodiy va boshqa choralarni amalga oshirish.

«Energiya tejash milliy kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati davlat organlari va tashkilotlarida energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning yagona yetkazib beruvchisietib belgilandi.

2) Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni tanqidiy tahlil qilish va ularni optimallashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash bo‘yicha komissiya tashkil etilib, ungauch oy muddatda:

  • uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida, shu jumladan, xorijiy va xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalarni tanqidiy tahlil qilish;
  • uy-joy kommunal xizmatlarining byudjet xarajatlari, tashkiliy-shtat tuzilmalari va ushbu sohadagi investitsiya dasturlarini optimallashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash topshirildi.