O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi (TSV) qoshidagi «O‘ztreyd» kompaniyasi eksport yetkazmalari hajmini oshirish va Hindiston bozoridagi pozitsiyani mustahkamlash uchun Dehlida savdo uyini ochdi. Bu haqda TSV «Gazeta.uz"ga xabar qildi. Savdo uyi bazasida o‘zbek ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi shourumi bo‘ladi.

22 avgust kuni Dehlida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Hindiston biznes-forumida savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va o‘zaro mahsulotlar yetkazib berish tizimlarini takomillashtirish asosiy mavzulardan bo‘ldi. Tadbir «Hindiston-MDH» Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Hindiston biznes doiralari bilan o‘zbek mahsulotlarini yetkazib berishni ko‘paytirish to‘g‘risida muzokaralar olib bordi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha «O‘ztreyd» kompaniyasi O‘zbekistondan dukkakli donlar, qizilmiya ildizi, to‘qimachilik va boshqa mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha 30 mln dollarlik shartnomalarni imzoladi. Ma’hsulotlar sentyabrdan boshlab yetkazib beriladi.