Poytaxtning «Eski jo‘va» dehqon bozoridagi meva va sabzavotlar ulgurji savdosi maydonchasi Zarqaynar ko‘chasidan «Chorsu» metro bekatiga kirish qismining o‘ng tarafidagi bo‘sh hududga vaqtincha ko‘chirib o‘tkazishga qaror qilindi. Toshkent hokimi shu haqdagi farmoyishni imzoladi, deb xabar qildi shahar ma’muriyati qoshidagi Savdo departamenti «Gazeta.uz"ga.

Hozirda tonggi bozor Saqichmon ko‘chasidan kirish qismida joylashgan. Fermer va dehqonlar bu yerga o‘z meva-sabzavot mahsulotlarini olib kelib, ertalabki vaqtlarda arzon narxlarga sotadi.

Kattalashtirish uchun rasm ustiga bosing. Manba: Savdo departamenti.

Vaqtinchalik ko‘chirish to‘g‘risidagi qaror hosil mavsumi boshlanib, bozorga meva va sabzavot mahsulotlarini keltirish hajmlari sezilarli oshgani munosabati bilan qabul qilindi.

«Sabzavot sotuvchilar tonggi vaqtlarda avtoulovlardan bozor avtoturargohi va boshqa yon atrofdagi ko‘chalarda mahsulotlarini sotish holatlari kuzatilmoqda. Xususan, sabzavotlar avtoturargoh maydonida tong saharda yuk va yengil avtomashinalar hamda yerdan ulgurji savdo qilinmoqda. Ko‘p hollarda sabzavotlar ortilgan avtoulovlar joy yetmaganidan ko‘chaning yo‘l qatnov qismiga chiqib savdo qilishi natijasida aholi va avtotransport vositalariga noqulayliklar tug‘dirib, tirbandlik holatlari yuzaga kelmoqda», — deyiladi departament xabarida.

Mazkur vaqtinchalik chora pishiqchilik mavsumi o‘tguncha ya’ni 15 noyabrga qadar amal qiladi. Tonggi savdolar mazkur hududda tonggi soat 4−00 dan 11−00 gacha davom etadi.