18 avgust kuni 22:00 da A-373 «Toshkent-O‘sh» yo‘lining 253-(176-) kilometrida to‘rtta avtomobil to‘qnashib ketdi. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.

Toshkentdan Farg‘ona vodiysi tomonga harakatlanib ketayotgan Shacman yuk avtomobili qarama-qarshi tomonga chiqib ketib, Isuzu yuk avtomobili, Damas miniveni va Hyundai samosvali bilan to‘qnashuv sodir etgan. Natijada mazkur uchastkada tirbandlik vujudga keldi.

Hodisa joyiga zudlik bilan yetib kelgan «Qamchiq» maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilar guruhi, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari va shifokorlar YTH natijasida jarohat olgan ikki kishiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatishdi. Ular tez tibbiy yordam mashinasida Pop tuman markaziy shifoxonasiga yetkazildi.

Evakuatorlar yordamida yuk mashinalari xavfsiz joyga olib o‘tildi. Qisqa fursatlarda A-373 «Toshkent-O‘sh» yo‘li bo‘ylab avtomobillar harakati tiklandi.