O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa vazirliklari tezkor va jangovar harbiy tayyorgarlik hamda harbiy ta’lim sohasida hamkorlikdagi tadbirlarni o‘z ichiga olgan Harbiy hamkorlik rejasini imzoladi.

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi saytida xabar qilinishicha, bu kabi hujjat ikki davlat harbiy mahkamalarining ikki tomonlama munosabatlari tarixida ilk bor imzolandi. Hujjat o‘tgan hafta Qozog‘iston mudofaa mahkamasi rahbari general-polkovnik Saken Jasuzakovning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida imzolangan. Toshkentda u O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda O‘zbekiston mudofaa vaziri Qobul Berdiyev bilan uchrashdi.

Qozog‘iston mudofaa vaziri O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining Qo‘qondagi harbiy qismlaridan biriga tashrif buyurdi. Shuningdek u Samarqandda O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi.