1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston hududiga olib kiriluvchi go‘sht va go‘sht mahsulotlari, parranda yog‘i, cho‘chqa yog‘i, bug‘doy uni va jonivorlarni oziqlantirish uchun mo‘ljallangan bug‘doy mahsulotlari aksiz solig‘iga tortilmaydi. Bu O‘zbekiston Prezidentining 15 avgustdagi tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan, deb xabar qildi Tashqi savdo vazirligi (TSV) «Gazeta.uz"ga.

Xuddi shu sanadan boshlab saryog‘, soya va kungaboqar yog‘lari, urug‘ mahsulotlari (kartoshka, bug‘doy, meslin, javdar, arpa, jo‘xori, grechixa, soya, zig‘ir, kungaboqar va boshqalar), javdar uni, qattiq bug‘doy yormasi va dag‘al maydalangan uni, shakarqamish shakari, kakao donlari, farmatsevtikada foydalaniluvchi xom ashyo hamda jonivorlarni oziqlantirish uchun ayrim mahsulotlar uchun nol foizli bojxona boji qo‘llaniladi.

1 sentyabrdan boshlab ayrim mahsulot turlari uchun bojxona to‘lovlari stavkalari kamaytiriladi. Yirik shoxli qora mollar, cho‘chqa go‘shtlari, cho‘chqa yog‘i, parranda yog‘i va boshqa go‘sht mahsulotlari, kofe, bug‘doy uni va shakarqamish shakari shular jumlasidan. Shuningdek, kungaboqar yog‘i, shakarqamish shakari va kofe uchun aksiz solig‘i miqdori ham tushiriladi.

TSVdan qayd etilishicha, iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchilari uchun xom ashyo va materiallarga bojxona to‘lovlarining kamaytirilishi milliy ishlab chiqaruvchilarni ishlab chiqarayotgan mahsulotlari tannarxini kamaytirishlari va raqobatbardoshlikni oshirishlariga rag‘batlantirishi lozim. Bundan tashqari, bu ichki iste’mol bozorida narxlar o‘sishini cheklashi zarur.