18 avgust kuni ertalab Toshkent viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirishda gumon qilinuvchi M.Musayev (1979 yilda Toshkentda tug‘ilgan) ushlandi. Qo‘lga olingan shaxsga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi, deb xabar berdi Toshkent viloyati prokuraturasi sayti.

15 avgust kuni prokuratura tomonidan Zangiota tumani «Turobobod» mahallasi Turkiston ko‘chasi 15-uyda M.Komilov (1938 y.t.), Sh. Komilova (1951 y.t.) va Sh. Abdiyevalarning (1967 y.t.) qasddan o‘ldirilganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. M.Musayevga nisbatan qidiruv e’lon qilingan edi.

Jinoyat mazkur mahallada o‘rnatilgan kuzatuv kamerasi orqali yozib olingan videotasvir yordamida fosh etilgan. Hozirgi vaqtda prokuratura tashabbusi bilan viloyat hududida 10 mingdan ziyod videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan.

Hozirgi vaqtda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.