O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 11 avgust kuni «Ta’lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni e’lon qildi.

Norma.uz xabariga ko‘ra, hujjatda 2018 yil 1 yanvardan xorijiy tilni bilish darajasi to‘g‘risidagi malaka sertifikatiga ega shaxslar uchun imtiyoz joriy etiladi. Imtiyoz sertifikat taqdim etilgandan so‘ng uch yil davomida amalga bo‘ladi.

O‘zbekistonda xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi milliy test tizimi amalda. Unda xorijiy tillarni bilishning oltita darajasi: A2, A2+, V1, V1+, V2, S1 (o‘sib borish tartibida) mavjud.

Qarorda:

  • A2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilariga o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining saralash test sinovlari ro‘yxatiga chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani kiritilgan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga kirishda chet tili fanidan maksimal ball berish va ularni chet tili fanidan test sinovidan ozod etish;
  • V1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kirish test sinovlari majmuasiga chet tili fani kiritilgan yo‘nalishlarda chet tili fanidan belgilangan maksimal ball berish va ularni chet tili fanidan test sinovidan ozod etish;
  • V2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalari magistraturasining kirish test sinovlari majmuasiga chet fani kiritilgan yo‘nalishlarda chet tili fanidan belgilangan maksimal ball berish va ularni chet tili fanidan test sinovidan ozod etish;
  • B2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari pedagoglarini attestatsiya jarayonida malaka sinovi uchun belgilangan maksimal ball bilan baholash va sinovdan ozod etish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, qaror bilan 2018 yilning 1 yanvaridan sertifikatga ega talabalar va pedagoglar til o‘rganish uchun xorijiy ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

2017−2018 o‘quv yilidan boshlab uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida chet tilini o‘zlashtirish darajasini davlat ta’lim standartlarida belgilangan «Tinglab tushunish» (Listening), «O‘qish» (Reading), «Yozish» (Writing), «Gapirish» (Speaking) ko‘nikmalari asosida baholab borish mexanizmi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.

2017 yil 1 oktyabrdan boshlab OTMlarning chet tili kafedralari bazasida professor-o‘qituvchilar uchun darsdan tashqari vaqtda tegishli mutaxassislik fanlarini chet tilida o‘qitish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan kurslar tashkil etiladi.

Til o‘rganishni xohlovchi talabalar uchun OTMlarda muloqot darajasida til o‘rgatish bo‘yicha intensiv kurslar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Mutaxassisliklar bo‘yicha atamalar lug‘atlari yaratish, chet tillarda turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish, chet ellik yetakchi mutaxassislarni o‘quv jarayoniga jalb etish, mutaxassislik fanlari bo‘yicha chet tillarida ma’ruzalar tashkil etish choralari ko‘riladi.

1 oktyabrdan boshlab mutaxassislik fanlaridan chet tilida dars beradigan, B2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan ta’lim muassasalari pedagoglarining ish haqlariga 100 foizgacha ustamalar belgilash tartibi ishlab chiqilishini amaliyotga joriy etiladi.