Vazirlar Mahkamasi huzurida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tashkil etildi. O‘zbekiston Prezidenti 17 avgust kuni tegishli qarorni imzoladi.

Jamg‘arma xususiy tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish va kafolatlashning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi vositalarini joriy etish, tadbirkorlik sub’ektlarining kredit resurslaridan foydalanishini osonlashtirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishni rag‘batlantirish hamda respublika bank-moliya tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish bilan shug‘ullanadi.

Kichik biznes sub’ektlariga tijoriy banklar orqali milliy va xorijiy valyutada moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish jamg‘armaning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Faoliyati tugatilayotgan Toshkent shahridagi kichik sanoat zonalari kafolat jamg‘armasi hamda Kichik biznesni rivojlantirish kafolat fondining 50 mln dollar hamda 100 mlrd so‘mlik pul mablag‘lari ko‘rinishidagi dastlabki badali va boshqa mablag‘lar hisobidan jamg‘armaning moliyaviy asoslari shakllantiriladi.

Jamg‘arma mablag‘lari qishloq xo‘jaligi, birinchi navbatda energosamarador issiqxonalar, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, uzumchilik va bog‘dorchilik, xususan intensiv bog‘larni tashkil etishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtiradi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, ularni saqlash bo‘yicha infratuzilmalar va logistika markazlarini yaratish, ko‘p kvartirali uylarda umumfoydalanishdagi joylarni obodonlashtirish va ta’mirlash va boshqa maqsadlar uchun ham kreditlar ajratiladi.