O‘zbekistonning Madrid shahridagi elchixonasi dastlabki ma’lumotiga ko‘ra 17 avgustda Kataloniyada (Ispaniya) yuz bergan teraktlar oqibatida qurbon bo‘lganlar va jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q. Bu haqda mamlakat TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Elchixona Ispaniya Tashqi ishlar vazirligi va boshqa davlat tashkilotlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.

Barselonada yuk mashinasining odamlar ustiga bostirib borishi natijasida 13 kishi halok bo‘ldi, 100 nafardan ziyod kishi jarohatlandi. Keyinroq furgon Barselonadan 120 km masofadagi Kambrilsda ham odamlar ustiga bostirib borgan, olti kishi jarohatlangan. Alkanarda esa payshanba kuni ikki marotaba portlash sodir bo‘lgan, ularda 1 kishi halok bo‘lib, 10 nafardan ziyod kishi jarohat olgan.