Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) yangi resurs bazasini kengaytirishga 420 mln dollar qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltiradi. O‘zbekiston Prezidenti SHAvkat Mirziyoyev 15 avgust kuni shu haqdagi qarorni imzoladi.

Mablag‘lar Toshkent viloyati Pskent tumanidagi «Yoshlik II» (avvalgi nomi «Qizota») konini o‘zlashtirishga yo‘naltiriladi.

Loyiha yiliga 2 million tonna rudani qazib olish bo‘yicha yer osti koni ishlanmasini nazarda turib, 2023 yilda loyihaviy quvvatiga chiqadi. Shuningdek, avtomobil yo‘li, 35/6 kV quvvatga ega elektr uzatish tarmog‘i, podstansiya, ortish-tushirish estakadalari, kompressor stansiyasi va boshqa muhandislik infratuzilmalari ob’ektlarini qurish rejalashtirilgan.

Loyiha O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot fondining 350 mln dollar, «Ipoteka banki» va «Asaka» banklari kreditlari hamda OKMK xususiy mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

11 avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida «Yoshlik I» («Avvalgi «Dalneye») mis konini o‘zlashtirishni boshlashga bag‘ishlangan marosimda qatnashgan edi. OKMK ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur konni o‘zlashtirish orqali yiliga 28 mln tonna ruda qazib olinadi. Loyiha 2017−2028 yillarda amalga oshiriladi.